Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazi
A A A A A A


+99871 260 63 30
+99894 420 88 48

Ayol sog‘lom – oila mustahkam, jamiyat barqaror

O‘zbekiston Fanlar akademiyasida «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan ayolning oila va jamiyatdagi roliga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan seminarda deputatlar, sotsiologlar, demograflar, siyosatshunoslar, professor-o‘qituvchilar va yosh olimlar ishtirok etdi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori R.Ubaydullayeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida oilaga muhim ijtimoiy institut sifatida yondashilib, milliy an’analarimizni mustahkamlash, unda ayollarning o‘rnini yuksaltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, barkamol avlodni voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish va aholining tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, ijtimoiy jarayonlarda faolligini oshirish, xotin-qizlarning ta’lim olishi, qulay mehnat sharoitida faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari, seminarlar, mutaxassislar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Muntazam o‘tkazib kelinayotgan «O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: uslublar, nazariya, amaliyot» loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu seminarda “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan ayollarning jamiyatdagi o‘rni, faolligi, ularning har tomonlama sog‘lom bo‘lishini ta’minlashdagi omillar, oilalar mustahkamligi, yosh avlod kamolotiga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rovlarning natijalari tahlil etildi.

Bu kabi tadqiqot natijalari mamlakatimizda ayollarning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi ishtiroki, dunyoqarashi yuksalayotgani, ularning manfaat va erkinliklari ta’minlanganligi, turmush sharoiti yanada yaxshilanib, farzandlar tarbiyasidagi o‘rni oshayotganini ko‘rsatmoqda. Bu xotin-qizlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayoniga daxldorlikni yanada mustahkamlamoqda.

– So‘rovlar oilalarning ijtimoiy muhiti, turmush sharoiti, qizlarning ta’lim olishi va hatto xotin-qizlarning vaqtincha ishlamayotgani sabablarini ham o‘rganishga xizmat qilmoqda, – deydi “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i Nigina Rahimova. – Ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning fikricha, mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olish, tibbiy yordamdan foydalanish, ijtimoiy himoya, mulkka egalik qilish huquqlari to‘laligicha ta’minlangan.

Ijtimoiy tadqiqotlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolarimizning barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi haqida nafaqat davlat va nodavlat tashkilotlari, balki aholi keng qatlamlarini ham xabardor qilish, faolligini oshirish, ularni bo‘layotgan voqea-hodisalarga oqilona yondashishga o‘rgatishdan iborat. Seminarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Barno Meliqulova, O‘zA

Manba: uza.uz
Foydali saytlar
Davlat organlari portali
www.gov.uz
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati
www.press-service.uz
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
www.parliament.gov.uz
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi
www.minzdrav.uz