Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazi
A A A A A A


+99871 260 63 30
+99894 420 88 48

G‘olibga avtoambulans topshirildi

G‘olibga avtoambulans topshirildi Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida mamlakatimiz tez tibbiy yordam tizimida o‘tkazilgan an’anaviy ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi O‘.Go‘zalov va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiy xizmatni jahon andozalari darajasiga olib chiqish, zamonaviy tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish va inson salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar yanada kengaymoqda.

Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu borada shoshilinch tibbiy yordam tizimi alohida o‘rin tutadi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning mintaqaviy filiallari, tuman va shahar bo‘limlari, ikki mingdan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchasi va brigadalari bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatmoqda.

2015-yilda tez tibbiy yordam va sanitar-aviatsiya xizmatiga tushgan barcha murojaatlar o‘z vaqtida qanoatlantirilgan.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 21-maydagi “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur qarorga muvofiq 2009-2015-yillar mobaynida tez tibbiy yordam bo‘limlariga to‘qqiz yuzga yaqin maxsus avtomobil yetkazib berildi. Tizimni maxsus avtotransport bilan ta’minlash darajasi qariyb yuz foizga yetdi. Tez tibbiy yordam stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shifokorlarning malaka va mahoratini oshirish, yangi tibbiy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Maxsus o‘quv kurslari tashkil etilib, tizimda ishlayotgan haydovchilarning malakasi oshirib borilmoqda.

Sohada faoliyat ko‘rsatayotgan malakali mutaxassislarning bilim va tajribasini boyitish, faol xodimlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Joriy yilgi tanlov ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan viloyatining Norin tumani tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam stansiyasi “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi va bosh sovrin – “Damas” avtoambulansi bilan taqdirlandi.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam stansiyasi shifokori Shuhrat Sirojiddinov “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori”, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali haydovchisi Jo‘raqul Xo‘janazarov “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng intizomli haydovchisi”, deb topildi.

Tanlov g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

San’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Bahor Xidirova, Temur Madaminov (surat), O‘zA

Manba: http://uza.uz/uz/society/g-olibga-avtoambulans-topshirildi-26-03-2016
Foydali saytlar
Davlat organlari portali
www.gov.uz
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati
www.press-service.uz
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
www.parliament.gov.uz
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi
www.minzdrav.uz